TOShKENT, 7-iyul – Sputnik. Bir necha kun oldin Samarqandda o‘smirlar tomonidan tramvayda g‘alati tomosha qo‘yilgani haqidagi videolar ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo‘lgan edi.
Unda yuziga niqob kiygan o‘smir tramvay ichiga yugurib kirib gazli ballonchadan nimadir sepadi. Tramvay ichida bir necha kishi go‘yoki hushidan ketib yiqiladi. Boshqa yo‘lovchilar vahimada tramvaydan yugurib chiqib keta boshlaydi.
Xorij ijtimoiy tarmoqlarida gohida paydo bo‘ladigan prank videolarga taqlid qilib qo‘yilgan ushbu "spektakl" tomoshabinlada katta taasurot qoldirmadi, aksincha “video” ijodkorlarini keskin tanqid qilinishiga va ichki ishlar xodimlari tomonidan tekshiruvga olib keldi.
Ha darvoqe, spektaklning ham ba’zi joylari o‘xshamay qolgan. Bosh “qahramon” - ya’ni gaz sepgan bola tramvay ichiga yugurib kirishni ham tuzuklay eplay olmasdan zinada qoqilib tushdi, bu “dublni" qayta suratga olish kerak edi.
Tramvay ichidagi paketda olma olib ketayotgan yosh yigitga qoyil qolish kerak, lekin. Atrofdagilar o‘zicha "hushini yo‘qotib" dumalab qolsa ham, boshqalar jon hola tramvaydan qochib chiqib ketsa ham - u pinagini buzmadi.
IIB aniqlashiga ko‘ra, ushbu g‘alati tomoshani 4-iyul kuni soat taxminan 19:40 atrofida Samarqand shahrida Sartepo-Vokzal yo‘nalishida qatnab keluvchi 1-tramvay Buyuk ipak yo‘lining «Choy fabrikasi» bekatida 33 va 42 maktablarning 7-11 sinf o‘quvchilari tomonidan o‘zaro oldindan kelishgan holda uyushtirilgani aniqlangan.
Surishtiruv ishlari jarayonida ma’lum bo‘lishicha, mazkur videoni S.M. o‘zining mobil telefoni orqali internet tarmoqlariga tarqatib, ijtimoiy tarmoqlarda «prank» (tarmoq hazili) qilmoqchi bo‘lganligi aniqlangan.
Ayni damda voyaga yetmagan yoshlarning ushbu qilmishi yuzasidan Samarqand shahri bo‘yicha Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.