TOShKENT, 3-iyul – Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan “Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi tegishli o‘zgartirishlar kiritilgandan so‘ng qayta ko‘rib chiqildi va uchinchi o‘qishda qabul qilindi. Bu haqda “O‘zatom” agentligi matbuot xizmati xabar qildi.
Mazkur qonunning maqsadi atom energiyasidan foydalanish xavfsizligini ta’minlash uchun yangi tashkil etililayotgan davlat tashkilotlari va tizimlarning faoliyati uchun qonuniy asoslar yaratish, shuningdek, milliy qonunchilikka atom energiyasidan foydalanish bo‘yicha samarali xavfsizlik mexanizmlarini joriy etishga qaratilgan.
Qonun loyihasida atom energiyasidan foydalanish bo‘yicha faoliyatni amalga oshirishda quyidagi asosiy prinsiplar ko‘zda tutilgan: fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini, jismoniy hamda yuridik shaxslarning mol-mulkini saqlash, shuningdek atrof-muhitni muhofaza qilish ustuvorligi; xavfsizlikning ta’minlanishi; axborotning ochiqligi; yadroviy qurol va boshqa yadroviy portlovchi qurilmalar ishlab chiqarishning taqiqlanishi.
Qonun loyihasini tayyorlashda atom energetikasidan muvaffaqiyatli foydalanib kelayotgan xorijiy mamlakatlar, xususan, AQSh, Fransiya, Xitoy, Yaponiya, Rossiya, Janubiy Koreya, Hindiston, Kanada, Ukraina, Buyuk Britaniya, Shvetsiya, Chexiya, Belgiya, Shveysariya, Finlyandiya, Vengriya, Slovakiya, Argentina, Braziliya kabi davlatlarning hamda Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlikning (MAGATE) qonunchilik bo‘yicha keng xalqaro tajribasi o‘rganildi.
Dunyo atom elektr stansiyalari – falokatlar, o‘tmish va hozirgi holat
Eslatib o‘tamiz, 29-iyun kuni atom elektr stansiyasi qurilishi uchun tanlangan Jizzax viloyatidagi Tuzkon ko‘li yaqinidagi hududda muhandislik-tadqiqot ishlarining ikkinchi bosqichi boshlangan edi.