TOShKENT, 27-iyun – Sputnik. Agar Qirg‘iziston hukumati bir nechta talablarni bajarmasa, sobiq prezident tarafdorlari hukumat iste’fosini talab qiladi, bu haqda Jo‘qorg‘u Keneshi deputati, Qirg‘iziston ijtimoiy-demokratik partiyasi siyosiy kengash a’zosi Irina Karamushkina ma’lum qildi.
Sputnik Qirg‘iziston xabariga asosan.
Qo‘y-Tosh qishlog‘ida Atambayevning tarafdorlari ishtirokida matbuot anjuman o‘tkazildi.
“Agar qisqa vaqt ichida hukumat xalq shtabi talablarini bajarmasa, biz uning iste’fosini talab qilamiz. Maydonga chiqamiz, erkin mikrafon tashkil qilib, hammasini aytamiz. Xudo ko‘rsatmasin, lekin uchinchi inqilob bo‘lishi mumkin. Qon to‘kilmasligiga harakat qilamiz, biroq maydonda miting qilish bizga qonun bilan ruxsat berilgan”, - dedi Karamushkina.
Bugun, 27-iyun kuni Jo‘qorg‘u Kenesh Almazbek Atambayevni sobiq prezident maqomidan mahrum etdi. Mamlakat bosh prokurori O‘tkurbek Jamshitov unga nisbatan beshta ayblov ilgari surilganini ma’lum qildi. Amaldagi tartibga ko‘ra, Atambayev so‘roqqa chaqirtirilishi kerak.