TOShKENT, 26-iyun – Sputnik. O‘zaro hisob-kitoblar tizimida elektron shakldagi hisobvaraq-fakturalardan foydalanishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida hukumat qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, respublika hududida 2019-yil 1-iyuldan boshlab hisobvaraq-fakturalarni elektron shaklda rasmiylashtirish, saqlash va hisobini yuritish ixtiyoriy ravishda, 2020-yil 1-yanvardan boshlab esa barcha xo‘jalik yurituvchi subyektlar uchun majburiy tartibda joriy etiladi.
Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi “Yangi texnologiyalar” ilmiy axborot markazi” DUK elektron hisobvaraq-fakturalarni markazlashtirilgan holda saqlash, operatorlararo uzatish va hisobini yuritish bo‘yicha vakolatli rouming operatori etib belgilandi.
Qaror bilan O‘zaro hisob-kitoblar tizimida elektron shakldagi hisobvaraq-fakturalardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.