TOShKENT, 25-iyun – Sputnik. Tan kameralarini taqib yurish va YPX inspektorlarini videoga olish haqidagi qonunga IIV tomonidan kiritilgan o‘zgarishlar ko‘plab tanqid va kinoyaga sabab bo‘ldi.
Ma’lumki, O‘zbekistonda 2019-yilning 1-iyulidan barcha YPX xodimlari tan-kamera taqib yurishlari va haydovchilar bilan muloqotlarini videoga olishlari majburiy bo‘ladi degan qonun kuchga kirishi kerak edi.
Haydovchilarda 1-iyuldan ushbu sohada korrupsiya mutlaq yo‘qolar ekan, deb umid endi paydo bo‘lgan bir paytda, IIV ushbu qonunga ikkita muhim o‘zgartirishlar kirishni taklif qildi. Ayni damda ushbu o‘zgartirishlar qizg‘in muhokama qilinmoqda.
Birinchidan, IIV kameralar taqib yurishni 2020-yil 1-yanvardan majburiy qilib belgilashni taklif qildi.
Ushbu taklifga nisbatan fuqarolar tomonidan quyidagi fikrlar bildirilgan:
- Nega o‘zgarayapti sabab nima?”, “Kamera bilan ta’minlang, qaror o‘zgarmasin unda poraxo‘rlik davom etadi;
- Nimaga kerak o‘zi sizlarga kamera? O‘zimiz sizlarni chiroyli qilib kameraga olamiz. Yutub qiroli bo‘lasizlar;
- Mutlaqo karshiman! 1-ilyuldan boshlab bodi kameralar bilan xizmat qilish ko‘lingizdan kelmasa - OAV orkali izox berib uzr súranglar!;
Ikkinchidan, IIV YPX xodimining harakatlari suratga olingan audio, video va foto materiallarni internetga uning ruxsatisiz joylashtirmaslikni qonuniy qilishni taklif qildi.
Ushbu taklif ham izoh beruvchilarning keskin qarshiligiga va kinoyasiga uchradi.
- Hurmatli YPX xodimi, siz menga noxaq jarima solganligingiz va aybimni isbotlab berolmaganligingiz qayd etilgan videoni internetga joylamoqchi ediiim, maylimi... desa qaysi YPX inspektori "mayliii... Zorimiz boru, zo‘rimiz yo‘q" der ekan...”, - deyilgan kinoya bilan izohlardan birida;
- Kimdan va nima uchun ruxsat olish kerak? <…> Ochiqcha ruxsat berish kerak! Raxbariyat kurishsin, xalq kurishsin deb intirnetga quyiladi. Qarorni mana shu joyini uzi uzgartirish kiritilmagan taqdirda xam, adolatli ishlab chiqilmagan! Kulgili va sharmandali!;
- Ruxsat olish emas axborotning to‘g‘riligi uchun javobgardir deb kiritilishi kerak, deb yozgan Sokhibjon Rasulov ismli foydalanuvchi;
- Haydovchiga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘linsa va olingan videoni internet tarmog‘iga chiqarish uchun ruhsat bermasa nima bo‘ladi? Jamoatchilik nazorati nima bo‘ladi? Erkin qo‘yaverish kerak har qaysi tomon qilgan ishi va gapirgan gapi uchun javob bersin, shaffof bo‘laversin;
Ushbu hujjat Normativ-huquqiy hujjatlar portalida 29-iyunga qadar muhokamada bo‘ladi. Ayni damda ushbu hujjatga 72ta takliflar kiritilgan. Masala ommabop bo‘lgani uchun, yaqin orada u keng jamoatchilik orasida muhokamalarga sabab bo‘lsa ajab emas.