TOShKENT, 24-iyun – Sputnik. O‘zbekiston Oliy Majlisining inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) boshchiligidagi monitoring guruhi Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan umumiy tartibdagi 21-sonli ayollar qamoqxonasiga tashrif buyurdi.
Tashrif chog‘ida ombudsman Ulug‘bek Muhamadiyev muassasada jazo o‘tayotgan O‘zbekiston birinchi prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova bilan uchrashgan. “Suhbatda u muassasaning tibbiyot xodimlariga e’tibor va o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatilayotgani uchun alohida minnatdorchilik bildirdi”, - deyiladi Ombudsman matbuot xizmati xabarida.
O‘rganishlarda muassasada Gulnora Karimovani tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun kardiologiya, nevrologiya, gastroenerologiya, endokrinologiya va ginekologiya sohasidagi yetakchi mutaxassislar jalb qilingani qayd etilgan. Ayrim maxsus ko‘riklar IIVning markaziy gospitalida o‘tkazilgan. U shifokorlar tayinlagan zarur tibbiy dori vositalarini tizimli ravishda olib turibdi.
“Bugungi kunda Gulnora Karimovaning umumiy salomatligi qoniqarli, u sog‘lom ovqatlanish ratsionini qabul qilmoqda”, - deya ta’kidlangan xabarda.
Avvalroq Gulnora Karimovaning advokati Greguar Manja mijozining ahvoli og‘irligi, unga hech qanday tibbiy yordam ko‘rsatilmayotgani, hattoki hushidan ketish holatlari ko‘p kuzatilganini iddao qilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi prokuraturasining 2017-yil 28-iyul kuni e’lon qilingan xabarida Gulnora Karimovaning O‘zbekiston ichidagi emas, xorijiy davlatlardagi boyliklari haqida so‘z yuritilgan edi.
Unda aytilishiga ko‘ra, G. Karimova 2001 – 2013-yillarda O‘zbekistondan 2 milliard dollarga yaqin mablag‘ o‘g‘irlagani va hozir ushbu boyliklar 13ta xorijiy mamlakatlarda turli ko‘rinishlarda, asosan ko‘chmas mulk shaklida saqlanayotgani aytib o‘tilgan edi. Xususan, Shveysariyada 800 mln, Irlandiyada – 300 mln, BAAda 130 mln, Gonkongda 67, Fransiyada – 61, Maltada – 49 mln va hokazo.
Ushbu va boshqa jinoyatlari uchun G. Karimovaga 10 ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan edi. Lekin keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, G. Karimovaga ushbu jazo o‘zi istagan xonadonda ozodlikni cheklash chorasi bilan almashtirilgan. Ammo 2019-yilning 5-mart kuni, kelishilgan tartibni buzgani va majburiyatlarini bajarmagani tufayli G. Karimova yana qamoqxonaga qaytarilgan edi.
Kuni kecha Gulnora Karimovaning qizi Imon o‘z instagramida onasi nomidan xabar qoldirib, onasi O‘zbekiston xalqidan kechirim so‘ragani va o‘ziga tegishli bo‘lgan 1,2 milliard mablag‘ni davlatga qaytarib berganini ma’lum qilgan edi.