TOShKENT, 22-iyun - Sputnik. Xorijiy fuqarolarning respublika OTMlariga suhbat asosida qabul qilinishi belgilandi, deb xabar qilindi Telegramdagi "Huquqiy axborot" kanalida.
Tegishli qaror Vazirlar Mahkamasi tomonidan 20-iyunda qabul qilingan.
Hujjatga muvofiq, xorijiy fuqarolar oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga OTM tomonidan belgilangan tartibda o‘tkaziladigan suhbat natijasiga ko‘ra qabul qilinadi.
OTMlarga umumiy o‘rta yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi ma’lumotiga muvofiq ma’lumotga ega bo‘lgan xorijiy fuqarolar qabul qilinishi mumkin.
Ilgari faqat MDH mamlakatlaridan kelgan xorijiy fuqarolar OTMlarga suhbat asosida qabul qilingan, boshqa davlat fuqarolari test topshirgan.