TOShKENT, 22-iyun — Sputnik. Bugun, 22-iyun kuni Qo‘y-Tosh qishlog‘ida Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atambayevning tarafdorlari yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda, deb xabar berdi Sputnik Qirg‘iziston.
Tadbir Atambayevning dala hovlisida o‘tkazilmoqda.
Xabarda aytilishicha, dacha hovlisidagi katta o‘tovda Chuy viloyatining turli qishloqlaridan kelgan 200ga yaqin kishi to‘plangan. Oqsoqollar va sobiq prezidentning yaqin do‘stlari mamlakatdagi siyosiy vaziyatni muhokama qilishga yig‘ilganlar.
To‘planganlar navbatma-navbat mikrofon qarshisiga chiqib, Atambayevni qshllab-quvvatlashlarini bildirmoqda. Yig‘ilganlar Joqorg‘u Kenesh deputatlari faoliyatidan norozi, deyilgan xabarda.
Qirg‘iziston parlamenti 13-iyun kuni maxsus komissiyani tashkil etgan va u olib borgan ish yakunida Atambayev oltita jinoyatga aloqador bo‘lishi mumkinligi bayonot qilingan. Mamlakat parlamenti 20-iyun kuni maxsus komissiya xulosasini ma’qullagan va hujjatni Bosh prokuraturaga yo‘llagan. Bosh prokuratura yetti kun davomida jinoiy ish qo‘zg‘atilishi uchun asos bor-yo‘qligini aniqlashtirishi kerak. Agar prokuratura bor, degan xulosani bersa, parlament Atambayevdan daxlsizlikni olib tashlash masalasini ko‘rib chiqadi.
Ma’lum bo‘lishicha, ushbu yig‘ilish Almazbek Atambayev tarafdorlari tashabbusi bilan o‘tkazilmoqda. Dala hovli yonida militsionerlar yo‘q bo‘lsada, Qo‘y-Tosh qishlog‘ida ko‘plab patrul mashinalari harakati kuzatilmoqda, Atambayev kuch ishlatish organlari xodimlari kuzatuvida ekanligi ehtimoldan holi emas, deb yozgan nashr.