TOShKENT, 21-iyun - Sputnik. Samarqand shahridagi Universitet xiyobonida amalga oshirilayotgan obodonlashtirish ishlarini bevosita kuzatib borish uchun onlayn kameralar o‘rnatildi.
“Endi bu yerdagi obodonlashtirish ishlarini real vaqt rejimida http://samarkand.uz veb-sayti orqali kuzatib borish mumkin”, - deyiladi viloyat hokimligi xabarida.
Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov shu yilning 18-iyun kuni jurnalist va blogerlar bilan uchrashuv chog‘ida Samarqand shahridagi Universitet xiyobonida amalga oshirilayotgan obodonlashtirish ishlarini bevosita kuzatib borish uchun onlayn kameralar o‘rnatilishi haqida ma’lum qilgan edi va bu uch kun ichida amalga oshdi.
Eslatib o‘tamiz, Samarqand aholisiga Universitet xiyobonini yangilash loyihasi ma’qul bo‘lmagandi. Mahalliy aholi yangi loyiha bahonasida daraxtlar kesilishidan xavotirda ekanligini bayon qilgandi. Viloyat hokimi xiyobondagi birorta chinor daraxti kesilmasligiga va’da bergan. Ta’kidlanishicha, buning uchun har bir chinor daraxti raqamlab chiqiladi.