TOShKENT, 18-iyun - Sputnik. Samarqand hokimligida viloyat rahbari Erkinjon Turdimov ishtirokida bulvar taqdiriga bag‘ishlangan matbuot-anjumani o‘tkazildi, deb xabar qilindi viloyat hokimining Feysbukdagi sahifasida.
Administratsiya rahbari Samarqand bo‘yicha, xususan, Universitet bulvari hududida o‘tkaziladigan obodonlashtirish ishlari borasida batafsil ma’lumot bergan.
Xabarda aytilishicha, yil boshida hokimiyat qoshida ishchi guruh tuzilgan va u obodonlashtirish ishlari bo‘yicha chet ellik mutaxassislar tajribasini o‘rganish uchun Anqara shahrida bo‘lgan.
Oradan bir necha vaqt o‘tgach, turkiyalik mutaxassislar Samarqandga javob tashrifni amalga oshirganlar va shahar bo‘ylab sayohat davomida shahar ko‘rinishini obodonlashtirish, xususan, Samarqand markazidagi Universitet xiyoboni ko‘rkiga ko‘rk qo‘shadigan qator maslahatlarni berishgan.
Turdimovning so‘zlariga ko‘ra, bulvarda obodonlashtirish ishlarini o‘tkazish joriy yil mart oyidayoq rejalashtirilgan.
"Bulvar- bu bizning yuzimiz. Lekin oxirgi vaqtlarda odamlar u yerga borishni istashmaydi. Nega? Chunki u yerda oddiy o‘rindiqlardan tortib, kerakli shart-sharoitlar yo‘q. Oxirgi marta bu hudud 10-15 yil oldin obodonlashtirilgan. Ta’kidlab o‘taman, rekonstruksiya emas, obodonlashtirish haqida gap bormoqda", - deb aytgan hokim.
Turdimovning aytishicha, ishlar boshlab yuborilgach, ijtimoiy tarmoqlar va OAVlarda bulvar surati tushirilgan turli eskizlar va fotosuratlar tarqalib ketgan. Hokimning aytishicha, ularni ko‘rib, hatto hayratlangan. Sababi, logotip tarzida turklardan bir-ikkita chizmalar olingani rost, lekin internetda naq 24 turdagi loyiha tarqalgan edi.
Viloyat hokimining so‘zlariga ko‘ra, bulvarni katta o‘zgarishlar kutayotgani yo‘q, skver biroz obodonlashtiriladi, xolos. Hozirda bulvarda uchta yo‘lakcha mavjud bo‘lib, ular ostidagi kommunikatsiya tizimlari allaqachon chirib ketgan va shu tufayli sug‘orish ishlari to‘xtab qolgan. Dastlabki ishlarni bulvar tashqi ko‘rinishini tartibga keltirishdan boshlash lozim, deb qayd etgan Turdimov.
Ta’kidlanishicha, bunday - asosiy yo‘lak marmardan quriladi va uning ikki yonidan yugurish uchun yo‘lakchalar tashkil etiladi. Elektr tizim yuz foiz yangilanadi, fontanlar rekonstruksiya qilinadi, ularning joyi o‘zgartirilmaydi. Hojatxona, vay-fay zonalar tashkil etish ko‘zda tutilmoqda.
Turdimov shuningdek, bulvardagi birorta chinor daraxti kesilmasligiga va’da bergan. Ta’kidlanishicha, buning uchun har bir chinor daraxti raqamlab chiqiladi.