TOShKENT, 20-iyun – Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi Sirdaryo viloyatida bolalarning ommaviy zaharlanishi yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazdi.
2019 yil 18-19 iyun kunlari Boyovut tumani shifoxonasining yuqumli kasalliklar bo‘limiga 21-MTMning 3 xodimi va 22 tarbiyalanuvchisi “o‘tkir ichak kasalligi, ovqat toksikoinfeksiyasi” alomatlari bilan keltirilgan. Maktabgacha ta’lim vazirligi ishchi guruhi zaharlanish sabablariga doir xizmat tekshiruvi o‘tkazdi.
“Zaharlanishga iste’mol uchun yaroqsiz bo‘lgan ichimlik suvi sabab bo‘lgan. Gap shundaki, Sirdaryo viloyati Boyovut tumanida markazlashgan ichimlik suvi ta’minoti mavjud emas. 17-iyun kuni 21-MTMga ichimlik suvi keltirilmagan va muassasa mudirasi maskan ehtiyojlari uchun iste’molga yaroqsiz bo‘lgan ichimlik suvi(kanal suvi)dan foydalanishga qaror qilgan. Bu esa, bolalar va xodimlarning shifoxonaga tushishiga olib kelgan”, - deyiladi vazirlik xabarida.
Ma’lum qilinishicha, surishtiruv quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha davom etadi:
- 21-MTM joriy yil mart oyida ta’mirlanganidan so‘ng, faoliyatini tiklash uchun ruxsatnoma berilishi.
Belgilangan qoidalarga ko‘ra, markazlashgan ichimlik suvi ta’minoti bo‘lmasa, mahalliy hokimiyat idoralari MTTga ichimlik suvi tashib keltirilishini ta’minlashi zarur. Boyovut tumani maktabgacha ta’lim bo‘limi mudirasi ishchi guruhga 21-maktabgacha ta’lim muassasasini ichimlik suvi bilan ta’minlashga doir shartnomani ko‘rsata olmadi. Sanitar-epidemiologik nazorat tomonidan MTMni ochishga ruxsat berilishi sabablari Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda aniqlanadi;
-21-MTMda ichimlik suvi zaxirasining yo‘qligi.
Ichimlik suvi zahirasi maxsus hajmli idishlarda sanitar meyorlarga amal qilingan holda saqlanishi kerak.
“Maktabgacha ta’lim vazirligi xizmat tekshiruvini davom ettiradi, uning natijalariga ko‘ra, aybdorlarga qonunchilikda belgilangan choralar qo‘llaniladi. Barcha hududlarni ichimlik suvi bilan ta’minlash masalasi – ulkan, serxarajat, ammo amalga oshirsa bo‘ladigan loyiha bo‘lib, prezident qaroriga muvofiq, 2025-yilgacha tugallanishi rejalashtirilgan. Hurmatli mudirlar, agar siz ichimlik suvi ta’minotida uzilishlarga duch kelsangiz, yordam so‘rab MTVga murojaat qiling. Bolalar sog‘ligini xavf ostiga qo‘ymang, bu mumkin emas”, - degan maxsus MTTlar faoliyatini muvofiqlashtirish, reabilitayiya va bolalar salomatligini ta’minlash bo‘limi boshlig‘i Umida Muhiddinova.
Sirdaryo viloyati hokimligi MTV mutaxassislari bilan birgalikda maktabgacha ta’lim muassasalarini ichimlik suvi bilan uzluksiz ta’minlash masalasini ishlab chiqmoqda.