TOSHKENT, 19 iyun — Sputnik. Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov jurnalistlar tomonidan qoʻshimcha kvotaning pullik boʻlishi Konstitutsiyaga zid emasligini maʼlum qildi. Bu haqda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligidagi matbuot anjumani ishtirok etayotgan Sputnik Oʻzbekiston muxbiri xabar qilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov jurnalistlarning savollariga javob qaytarmoqda.
Jurnalistlar tomonidan qarordagi qoʻshimcha kvotaning pullik boʻlishi Konstitutsiyaga zid emasmi, degan savol oʻrtaga tashlandi.
Sherzod Shermatov Konstitutsiyaga zid emas, deya javob berdi.
“Bu yerda hech kimning huquqi buzilmayapti. Qoʻshimcha kvota pullik boʻlib hech bir bola taʼlimdan qolib ketmaydi. Konstitutsiyada hamma bolasini bitta maktabga joylashtirsin, degan gap yoʻq. Maktab ishlari davlat nazoratidadir, deyilgan unda”, - dedi vazir.
Shuningdek, hech kim fuqarolarni bepul taʼlimdan mahrum etmayotganini qoʻshimcha qildi.
Muhokamaga sabab boʻlgan qarorda 2019—2020-oʻquv yili uchun bolalarni davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasalariga qabul qilish 2019 yil 20 iyundan boshlab Davlat xizmatlari markazlari yoki Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali bosqichma-bosqich joriy etilishi va maktablarga pullik qabullarning joriy qilish nazarda tutilgan.