TOShKENT, 19-iyun - Sputnik. O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining yigirmanchi yalpi majlisini joriy yilning 21-iyun kuni Toshkent shahrida chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qildi, deb xabar qildi, Oliy Majlisi Senatining axborot-xizmati.
Yalpi majlisda yangi tahrirdagi "Turizm to‘g‘risida"gi, "Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida"gi, "O‘zbekiston Respublikasining Hisob palatasi to‘g‘risida"gi, "Qurol to‘g‘risida"gi, "Xalqaro mehnat tashkilotining 1930-yildagi Majburiy mehnat to‘g‘risidagi 29-sonli Konvensiyasiga Bayonnomani (Jeneva, 2014-yil 11-iyun) ratifikatsiya qilish haqida"gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari ko‘rib chiqiladi.
Shuningdek, Navoiy viloyatining Navoiy shahri va Karmana tumani chegaralarini o‘zgartirish masalasi ham kun tartibidan o‘rin olgan.
Senatorlar tomonidan Sirdaryo viloyati hokimining hududlarni rivojlantirish hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyati haqidagi hisoboti ham eshitiladi.
Senat a’zolari Istiqbolli turizm yo‘nalishida O‘zbekiston xalqaro imijini oshirish choralari to‘g‘risida, Ichki ishlar vazirligi akademik litseylarida qonun hujjatlari ijrosi holati to‘g‘risida hukumatga parlament so‘rovlari yuborish masalasini muhokama qiladilar, shuningdek ilgari yuborilgan parlament so‘rovlari natijalarini ko‘rib chiqadilar.