TOShKENT, 18-iyun - Sputnik. Xitoy barcha tomonlarni sog‘lom idrokni saqlab qolishga, Yaqin Sharqdagi holatni ziddiylashtirmaslikka chaqirmoqda, AQSh esa o‘zining bosim o‘tkazish metodlarini qo‘llashni bas qilmog‘i lozim, deb bayonot qildi seshanba kuni Suriya tashqi ishlar vaziri Valid Muallim bilan o‘tkazgan matbuot-anjumani yakuni bo‘yicha XXR TIV rahbari Van I.
"Yaqin Sharqda tinchlik va barqarorlikni qat’iy himoya qilishimiz lozim. Biz barcha tomonlarni sog‘lom idrok va og‘ir-bosiqlikni saqlab qolishga, mintaqada vaziyatni ziddiylashtiradigan harakatlardan o‘zni tiyishga, falokatlarga yetaklovchi harakatlardan uzoq bo‘lishga chaqiramiz. Ayniqsa, AQSh o‘zining bosim o‘tkazish metodidan voz kechishi kerak", - deb aytgan Van I Ummon ko‘rfazidagi holatga izoh berar ekan.
U shuningdek, Xitoy voqealar rivojini diqqat bilan kuzatayotganini qo‘shimcha qilgan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan haftada Ummon ko‘rfazida ikkita neft tankeri – Front Altair va Kokuka Courageous hujum uyushtirilgan edi. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, gap torpedali hujum haqida bormoqda, aynan shuning natijasida kemalarda portlash va yong‘in yuz bergan. Ammo bu hodisa nima sababdan yuz bergani to‘g‘risida rasmiy tasdiqlov e’lon qilinganicha yo‘q. Zarar ko‘rgan kemalarning barcha ekipaj a’zolari Eron hududiga evakuatsiya qilingan.
AQSh yuz bergan hodisada hech qanday dalilni keltirmay, Eronni aybladi. Tehron ushbu ayblovlarni asossiz, deya rad etdi. Rossiya tashqi ishlar vazirligi o‘z navbatida hodisani o‘rganishni va surishtiruv yakunlarini kutishni, shoshma-shoshar xulosalar chiqarmaslikka chaqirdi.