TOShKENT, 16-iyun – Sputnik. Samarqand shahar hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov tomonidan e’lon qilingan Bulvarni yangilash loyihasi ijtimoiy tarmoqlarda aholi tanqidi va ko‘plab munozaralarga duch keldi.
Bunga javoban Rustam Qobilov blogerlarni 16-iyun kuni soat 17:00 da Universitet bulvariga uchrashuvga taklif qildi.
Hokimiyat Bulvarda birorta ham daraxt kesilmaydi, deb va’da berishiga qaramasdan, mahalliy aholi yangi loyiha bahonasida daraxtlar kesilishidan xavotirda. "Samarqand va Samarqandliklar" guruhi a’zosi Elena Baronina yozishiga ko‘ra, loyihada ko‘rsatilgan velosiped yo‘laklarini qurish uchun kamida bir qator daraxtlarni kesish kerak.
"Velodorojkani bulvarda kurish - kuzbuyamachilik. Prezident xam shu yerdan utadi, Samarkandga kelayotgan xamma mexmonlar xam albatta shu bulvardan utadi. Xokimiyat buni biladi. Shuning uchunam aynan shu yerda ish kursatmokchi xolos. Ular shu bilan boshka joyda velodorojkayam, sport ploshadkayam kurmaydi", - deb yozgan Farukh Samarkandi ismli foydalanuvchi.
Jazirama saraton kunida hech qanday velosiped yo‘lagi ham, trenajerlar ham issiqdan saqlay olmasligini barcha yaxshi tushunadi albatta. Undan tashqari Toshkent markazidagi Amir Temur xiyobonining oldingi va hozirgi holati ham ko‘pchilik uchun yaxshi “dars” bo‘lgan. Bir vaqtlar yam yashil daraxtlar soyasi ostida bo‘lgan Farg‘ona shahri esa 80% daraxtlaridan mahrum bo‘lgan.
Ayni damda samarqandliklar #nashBulvar xeshtegi ostida bulvarni va uning 100-yillik azim daraxtlarini himoya qiluvchi xabarlar qoldirmoqda.
Ma’lumot uchun: Rossiyaning yirik shaharlarida velosiped yo‘laklari va trenajerlar markaziy bulvarlarda va madaniy obyektlar yonida qurilmagan. Ular hududiy kichik parklar ichida va ko‘p qavatli uylar orasidagi bolalar va sport maydonchalarida qurilgan.
Bir tasavvur qilib ko‘ring: Siz kostum shimda rafiqangiz bilan teatrdan yoki restorandan chiqib bulvardan piyoda sayr qilayapsiz. U yerda esa "kachoklar" maykachang terga botib tosh ko‘tarayapti... G‘alati-a?