TOShKENT, 13-iyun - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi majlisida ishtirok etish uchun Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahriga jo‘nab ketdi.
“Sammitda a’zo mamlakatlar o‘rtasida siyosat, iqtisodiyot, transport-kommunikatsiya, xavfsizlik va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga ega dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashiladi”, - deyiladi xabarda.
Davlat rahbari matbuot xizmatining xabar qilishicha, muloqotlar yakunida Bishkek deklaratsiyasi qabul qilinishi, tashkilot doirasida hududlararo aloqalarni, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, ekologiya, turizm, sport va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan hujjatlar imzolanishi mo‘ljallangan.
Shuningdek, prezidentning xorijiy delegatsiyalar rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazishi ham rejalashtirilgan.
ShHTga a’zo mamlakatlar rahbarlari kengashi majlisi Bishkekda 13-14 iyun kunlari bo‘lib o‘tadi.