TOSHKENT, 7 iyun – Sputnik. Taniqli tadbirkor va asli kelib chiqishi oʻzbekistonlik boʻlgan milliarder Alisher Usmonov yordamida Namanganda 18-qavatli biznes-markaz quriladi. Bu haqda investitsiya forumda qatnashayotgan Sputnik Oʻzbekiston muxbiri xabar qildi.
Bugun "Doing business with Namangan - 2019" xalqaro investitsiya forumi oʻz ish faoliyati boshladi.
Tadbir boshlanishida Namangan viloyati investitsiya salohiyati haqida viloyati hokimi Xayrulla Bozorov forum katnashchilariga maʼlumot berdi.
“Namangan shahrida Alisher Burxanovich yordamida qurilayotgan zamonaviy kongress zaliga ega, jahon talablariga javob beradigan 18-qavatli biznes-markaz toʻgʻrisida maʼlumot berishdan xursandmiz”, - dedi Bozorov.
Namangan viloyati hokimining soʻzlariga koʻra, bugungi kunda Namangan viloyatida meva bogʻlari uchun 24 ming gektar maydon, shuningdek, uzumzorlar uchun 9 ming gektar maydon mavjud. Oʻtgan yili 750 ming tonna sabzavot, 250 ming tonna meva, 107 ming tonna uzum ishlab chiqarilgan.
Tadbirda 40 ga yaqin davlatdan 300 ga yaqin xorijiy kompaniya vakillari qatnashmoqda.
Forum doirasida 320 million dollarlik investitsiya shartnomalar imzolash rejalashtirilgan.