TOSHKENT, 6 iyun - Sputnik. “Biz suhbat va muzokaralar uchun ochiqmiz”, deb boshlanadi “Oq-tepa lavash” kompaniyasining Feysbukdagi rasmiy sahifasida qoldirilgan xabarda.
“Boʻlib oʻtganlar uchun javobgarlikni toʻliq oʻzimizga olamiz. Biroq hozir eng muhimi – jabrlanganlarga yordam berish”, - deyilgan xabarda.
Shuningdek, sahifada kompaniya rahbariyati zaharlangan bemorlar ahvolidan xabar olish uchun kasalxonaga borgani, hamda keltirilgan maʼnaviy zarar va davolanish xarajatlarini qoplaganini xabar qilishgan.
Sputnik muxbiri bilan boʻlgan suhbatda kompaniya vakili zaharlanish sabablari hozircha 100% aniqlanmaganini va ushbu holat yuzasidan tekshirish oʻtkazilayotganini va xabar qilishdi.
Tan olish kerak-ki, ovqatdan zaharlanish yoz mavsumida Oʻzbekistonda tez-tez uchrab turadigan hol, lekin aybdor tomon oʻz aybini darhol boʻyniga olib, javob berishga tayyor turishi – bu juda yaxshi yangilik.
Boshqalar ham bundan oʻrnak oladi degan umiddamiz. Biz esa OAV sifatida vaziyatni diqqat bilan kuzatishda davom etamiz.