TOSHKENT, 6 iyun – Sputnik. Sogʻliqni saqlash vazirligi 4 iyun kuni Toshkent shahrida qayd etilgan ovqatdan zaharlanish holati boʻyicha maʼlumot berdi.
Joriy yil 4 iyun kuni soat 17:00dan 6 iyun soat 12:00ga qadar Sogʻliqni saqlash vazirligining Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish instituti klinikasiga 11 nafar, shahar 5-son yuqumli kasalliklar shifoxonasiga 3 nafar va 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasiga 1 nafar bemor koʻngil aynishi, qayt qilish, bosh ogʻrishi, umumiy holsizlanish, ich ketishi, oshqozon sohasida ogʻriq, tana harorati koʻtarilishi kabi shikoyatlar bilan murojaat qilgan. Ular tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, “Ovqat toksikoinfektsiyasi” birlamchi tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan. Bemorlardan 3 nafarining ahvoli ogʻir, qolganlariniki oʻrtacha ogʻirlikda.
Shifoxonada bemorlardan laboratoriya tahlillari uchun tegishli barcha namunalar olinib, malakali shifokorlar tomonidan sifatli tibbiy xizmat koʻrsatilmoqda. Dori-darmon zaxiralari yetarli darajada.
Mazkur holat boʻyicha oʻtkazilgan birlamchi epidemiologik tekshiruv natijasida quyidagilar aniqlandi:
Bemorlarning 11 nafari kasalliklarini Sergeli tumani, Yangi Qoʻyliq koʻchasi, 7-b uyda joylashgan, 4 nafari Sergeli tumani Sergeli-8 mavzesida joylashgan “Oqtepa lavash” umumiy ovqatlanish shoxobchalarida tayyorlangan tovuqli sendvichni isteʼmol qilganliklari bilan bogʻlashmoqda.
“GRAND AZIA PLUS” MCHJga qarashli “Oqtepa lavash” umumiy ovqatlanish shoxobchasida qisqa muddatli tekshiruv oʻtkazish uchun Oʻzbekiston Republikasi prezidenti huzuridagi tadbirkorlik subʼyektlari huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakili nomiga Toshkent shahar DSENM tomonidan 2019 yil 6 iyundagi 07-11/4388-sonli maʼlumotnoma koʻrib chiqish va xulosa olish uchun berildi.