TOShKENT, 6-iyun – Sputnik. Bugun Toshkentda ShHT davlatlari chegara xizmatlari rahbarlarining majlisi boshlandi, deb xabar qilmoqda Sputnik muxbiri.
Majlisda O‘zbekiston Chegara qo‘shinlari qo‘mondoni Ruslan Mirzayev so‘zga chiqib, Afg‘oniston ayni damda Suriyadan qochib kelayotgan terrorchilar uchun yangi plasdarmga aylanayotganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni damda Afg‘oniston Shimoli va Shimoli-Sharqida terrorchilarning mashg‘ulot lagerlari tashkil qilinmoqda.
Shuningdek, terrorchilar chegara uchastkalarining tuzilishi va chegaraga yaqin hududlar haqida ma’lumotlar jamlamoqda. Shu bilan birga Markaziy Osiyo davlatlari hududlarida terrorchilarning yashirin yacheykalari tashkil qilmoqda. Kelajakda ushbu guruhlardan terrorchilik uyushtirish yoki yangi a’zolarni jalb qilish maqsadida foydalanish mumkin.
“Ushbu faktlar Markaziy Osiyo hududida kelajakda yangi notinchlik nuqtalari paydo bo‘lish xavfi borligidan darak beradi. Ushbu sharoitda ShHT mamlakatlari terrorchilikka qarshi birgalikda kurash choralarini ishlab chiqishi – hamkorlikning asosiy yo‘nalishiga aylanadi. Buning uchun biz chegara qo‘shinlari orasida aloqalarni rivojlantirishimiz, vaziyatni birgalikda tahlil qilishimiz hamda terrorizm va ekstremizmga qarshi doimiy axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yishimiz kerak bo‘ladi”, - dedi Ruslan Mirzayev.
Ma’lumot uchun, ShHT chegara qo‘shinlari qo‘mondonlari majlisida 8 davlat chegara qo‘shinlari rahbarlari ishtirok etishmoqda. Ular Hindiston, Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston, O‘zbekiston, va shuningdek ShHT tezkor kuchlari qo‘mondonligi.