TOShKENT, 29 yanv - Sputnik, Dilshoda Rahmatova. 2019-yil 29-yanvar kuni O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkiloti Xalq diplomatiyasi markazi ochilishiga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi.
ShHT xalq diplomatiyasi markazi rahbari, senator Rahmatulla Nazarov Markaz 2017-yil iyunda Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan ShHT sammitida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan tashkil etilgani va aloqalarni mustahkamlash uchun o‘z faoliyatida xalq diplomatiyasi mexanizmlaridan foydalanishini qayd etdi.
Nazarovga ko‘ra, butun dunyoda globallashuv va integratsiya jarayonlari kuchayib borayotgan bir vaqtda xalq diplomatiyasi xalqaro munosabatlarning asosiy elementlariga aylanmoqda. Jamoat tashkilotlari va birlashmalari faoliyati, qardosh shaharlar darajasidagi aloqalar, ijtimoiy-siyosiy aksiyalar, xalqaro nohukumat tashkilotlarining hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha tashabbuslari davlatlar va xalqlarning yanada yaqinlashishiga, barcha darajalarda mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar mustahkamlanishiga ko‘maklashadi.
Markaz faoliyatini tashkil etish bo‘yicha "Yo‘l xaritasi"ga muvofiq 2019-yilda Markaz va ShHTga a’zo davlatlar, kuzatuvchi mamlakatlar va muloqot bo‘yicha sheriklarning hukumat va nohukumat tashkilotlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik o‘rnatish va uni rivojlantirish bo‘yicha 30dan ortiq tadbir o‘tkazish, qo‘shma tadbirlar, festivallar, folklor, xalq hunarmandchiligi va ijodiyoti ko‘rgazmalari tashkil etish, Ipak yo‘lining madaniy merosini saqlash bo‘yicha hamkorlik o‘rnatish rejalashtirilmoqda.