TOSHKENT, 4 iyun – Sputnik. Oʻzbekistonda bugungi kunda 19 million yaqin mehnatga layoqatli aholi boʻlib, shundan 13,4 million kishi band aholi hisoblanadi, deb axborot berdi bugun "Oʻzbekistonda mehnat sohasini yanada takomillashtirish boʻyicha olib borilayotgan chora-tadbirlar va natijalar" mavzusiga bagʻishlangan matbuot anjumanida Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev.
"Ahvolimiz unchalik ijobiy emas. Chunki band aholi soni 13,5 million boʻlsa, 5,4 millioni, yaʼni 40 foizi rasmiy ravishda band boʻlib, qolganlari norasmiy qismida faoliyat olib bormoqda. Bu 60 foiz aholimiz ertangi pensiya huquqlarini shakllantirmayapti degani. Ularning ijtimoiy muhofazasi cheklangan. Eng yomoni ular kelgusida mehnat munosabatlari, mehnat huquqlari, muhofaza qilish nuqtai-nazaridan qonunchilikda belgilangan kafolatlardan foydalana olmaydi. Afsuski, hozirgi holatimiz shu. Biz buni rostini tan olishimiz kerak. Ana shunday meros bizga qolganligini qoʻrqmasdan gapirishimiz kerak", - dedi vazir.
Norasmiy bandlik roʻyxatiga kiruvchilarning qariyb 2,5 millionga yaqin fuqarolar doimiy ravishda chet elda faoliyat yuritadi.
Sherzod Kudbiyev, shuningdek, bugungi kunda 2018 yilga nisbatan mehnat organlariga 1,5 baravar koʻproq fuqarolar murojaat qilganini qoʻshimcha qildi.
"Tarixda birinchi marta elektron murojaat va butun biznes jarayonlarimizni aholiga xizmat koʻrsatish xizmatlarni elektron tizimga oʻtkazib oldik. Bizga besh oyda oʻtgan yilga nisbatan 1,5 barobar koʻp odamlar murojaat qilishdi. Murojaat qilgan 350 ming fuqarodan 239 ming nafarini ishga joylashtirdik. Bu koʻrsatkichni oʻtgan yilga nisbatan 20 foizga oshirdik", - dedi vazir.