TOShKENT, 4-iyun – Sputnik. Bugun, 4-iyun kun Milliy matbuot markazida Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev ishtirokida "O‘zbekistonda mehnat sohasini yanada takomillashtirish bo‘yicha olib borilayotgan chora-tadbirlar va natijalar" mavzusiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri xabar qildi.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining so‘zlariga ko‘ra, 2018-yilning ikkinchi yarmidan boshlab mehnat organlarini moliyalashtirish keskin darajada oshirildi.
"Kasbga o‘qita olmasak, jamoat ishiga odamlarimiz yo‘q desak, unda qonunchilik bo‘yicha ishsizlik nafaqasini to‘lab berishimiz kerak. Shu paytgacha, hatto, mehnat organlari ishsizlik nafaqasini tayinlashni esdan chiqargan ekan. Buni ochiqchasiga tan olamiz. Moliya vazirligi davlat budjeti ajratib berilgan mablag‘ ishsizlik nafaqasi sifatida rasmiylashtirishga ulgurmayapmiz. Ya’ni mehnat organlari o‘zining moddiy texnika bazasi yetarli bo‘lmagani, umumiy saviyamiz yetarli bo‘lmagani - eng og‘ir muammolarimiz shundan iborat", - dedi Sherzod Kudbiyev.
Bugungi kunda O‘zbekistonda 16 ming nafar kishi ishsizlik nafaqasini olmoqda. O‘tgan yili bu ko‘rsatkich 2,5 ming kishini tashkil etgan.
Vazir joriy yil 4 oyi davomida mehnat organlariga murojaat qilgan aholi soni 179 mingdan 239,4 minggacha, ishga joylashtirish aholi soni 77 mingdan 93 minggacha oshganini qo‘shimcha qildi.