TOShKENT, 31-may — Sputnik. O‘zbekistonning “Buxoro” aeroporti “MDH mamlakatlarining eng yaxshi aeroporti” deb topildi.
Davlat turizm qo‘mitasi xabariga ko‘ra, Moskva shahrida bo‘lib o‘tgan MDH davlatlari Fuqaro aviatsiyasi “Aeroport” Assotsiatsiyasi konferensiyasida “Buxoro” xalqaro aeroporti 2018-yil yakuni bo‘yicha “MDH mamlakatlarining eng yaxshi aeroporti” nominatsiyasi g‘olibi deb topilgan.
Shuningdek, “Buxoro” aeroporti direktori T.Bahronov MDH davlatlari “Aeroport” Fuqaro aviatsiyasi Assotsiatsiyasi prezidenti etib saylangan.
“Buxoro” xalqaro aeroporti O‘zbekistondagi eng yirik aeroportlaridan biridir. 1999-yilda aeroportga “xalqaro” maqomi berilgan. Har yili 120 mingdan ortiq yo‘lovchi aeroport xizmatlaridan foydalanadi, ular orasida 15 mingdan ortiq xorijiy sayyohlar bor.