TOShKENT, 5-iyun – Sputnik. “Urganch” xalqaro aeroporti 2017-yildagi faoliyati natijalari bo‘yicha “Aeroport rivojiga qo‘shgan katta hissasi uchun” nominatsiyasida g‘alabani qo‘lga kiritib, “MDH davlatlaridagi eng yaxshi aeroport” tanlovining laureatiga aylandi. Bu haqda “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK matbuot xizmati xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, “Aeroport” FA Assotsiatsiyasi tomonidan har yili tashkil etiladigan mazkur tanlovda Urganch shahri aeroporti 2012-yildan buyon ishtirok etib, ushbu yillar davomida “Ishlab chiqarish rivojiga qo‘shgan katta hissasi uchun”, “MDH davlatlaridagi eng yaxshi aeroport”, “Shiddat bilan rivojlanayotgan aeroport” va “Turizm rivojiga qo‘shgan katta hissasi uchun” kabi nominatsiyalarda g‘olib bo‘lib keladi.
2017 yildagi faoliyat natijalariga ko‘ra, “Urganch” xalqaro aeroportida 1567 qatnov va 282 mingdan ortiq yo‘lovchiga, shu jumladan 43848 nafar xorijiy sayyohga xizmat ko‘rsatildi, 16649 tonna yuk, 11141 tonna pochta va 14305 tonna pullik bagaj jo‘natildi.
Bu yilgi yoz mavsumida ham aeroport “O‘zbekiston havo yo‘llari” samolyotlarida, jumladan Parij, Milan, Rimdan amalga oshirilayotgan charter qatnovlarida Urganch shahriga tashrif buyurayotgan ko‘plab sayyohlarni qabul qilmoqda.