TOShKENT, 29-may – Sputnik. Tomskda shifokorlar 16 yoshli o‘quvchi qizning oshqozonidan yarim kilo soch to‘pini chiqarib tashlashdi.
Shifokorlarning so‘zlariga ko‘ra, maktab o‘quvchisi besh yil davomida o‘z sochini chaynagan. Shu vaqt davomida sochlar oshqozonda to‘plangan, oqibatda oshqozon 80 foizini to‘ldirdi.
Dastlab u soch to‘kilishi haqida mutaxassislarga murojaat qiladi. Biroq tibbiy ko‘rikda o‘quvchi qizda anemiya va oshqozonda begona jism – trixobezoar aniqlandi.
Bosh shifokor Andrey Karatayevning so‘zlariga qaraganda, bunday katta o‘lchamdagi soch to‘pi oshqozon-ichak traktini to‘sib qo‘yishi mumkin edi, shuning uchun bemorga zudlik bilan jarrohlik amaliyotini o‘tkazishga qaror qilindi.
Jarrohlar qorin devorini kesib, oshqozon bo‘shlig‘ini ochishdi.
Hozirgi vaqtda qiz o‘zini qoniqarli darajada his etmoqda.
Bu holat qaytarilmasligi uchun unga psixiatr yordami kerak bo‘lishi mumkin deya qo‘shimcha qildi shifokorlar.
Shuningdek, Tomskda bu kabi kasallik so‘nggi 25-yilda ikkinchi marta qayd etildi.