TOShKENT, 4-iyul — Sputnik. Dushanbedagi Milliy tibbiyot markazi shifokorlari 9 oylik go‘dak tanasida 10ta igna borligini aniqlashdi, deb xabar qilmoqda Sputnik Tojikiston.
O‘tkazilgan rentgen natijasida, bolaning bosh, burun, oyoq, bo‘yin va ko‘krak qafas qismlarida ignalar borligi aniqlangan. Dastlabki operatsiya davomida 6ta igna chiqarib olingan.
Ignalar qanday qilib bolaning tanasiga tushib qolgani hozircha noma’lum. Operatsiyaga qadar bola o‘zini tinch tutgan, uni biror narsa bezovta qilayotgani sezilmagan.
Bolaning onasi 28-iyun kuni go‘dak milkida ignalarning birini payqab qolgan va uni chiqarib olgan. Shundan so‘ng ular kasalxonaga murojaat qilishgan.
Uning otasi Rossiyada mehnat migranti, onasi – uy bekasi va bolalarni bir o‘zi tarbiyalaydi.