TOShKENT, 28-may - Sputnik. Rossiyaning yetakchi avtomobil jurnali, “Za rulom” boshmuharriri Artur Saruxanov O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan avtomobillar haqida o‘z fikrini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, biroz oldin O‘zbekistonda Chevroletning Equinox va Trail Blazer kabi avtomobillarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi mumkinligi haqida xabarlar paydo bo‘lgan edi.
Ushbu munosabat bilan Sputnik muxbiri Rossiyaning yetakchi avtomobil jurnali - “Za rulom” bosh muharriri bilan bog‘lanib, kelajakda ushbu avtomobillarning Rossiya bozorida istiqbollari qanday bo‘lishi mumkinligi bilan qiziqdi.
Saruxanov aytishiga qaraganda, ko‘p narsa ularning narxiga bog‘liq bo‘ladi. Agar ushbu avtomobillarni O‘zbekistonda ishlab chiqarish evaziga, ularning narxini pasaytirish imkoni paydo bo‘lsa, bunday avtomobillar Rossiya bozorida o‘z xaridorlarini topadi.
Ikkinchidan, Trail Blazer – ramali, yo‘ltanlamas avtomobil. Hozir Rossiya bozorida juda sanoqli haqiqiy yo‘ltanlamaslar qolgan. Bunday avtomobillarga har doim, oz bo‘lsada, ovchi va baliqchilar orasida talab bor.
Ekspert fikriga ko‘ra, O‘zbekistonda zamonaviy, yetakchi avtomobillar ishlab chiqarilmaydi.
“Bir vaqtlar boshqa joylarda muvaffaqiyat qozongan avtomobillarga “ikkinchi hayot” berishga harakat qilishmoqda. Bunday avtomobillarning ham o‘z xaridorlari bor, albatta, lekin hozir O‘zbekistonda birorta ham zamonaviy, yetakchi avtomobil ishlab chiqarilmaydi”, - deydi ekspert.
Saruxanov fikriga ko‘ra, hozir Rossiyada kichik va yengil krossoverlar segmenti juda yaxshi sotilmoqda. Iqtisodiy vaziyat qiyin bo‘lishiga qaramasdan Hyundai Creta va Renault Kaptur avtomobillari “issiq bo‘g‘irsoqday” tez sotilmoqda.