TOShKENT, 28-may – Sputnik. Bosh prokuraturaning O‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi 22-yil avval sodir etilgan qotillikni fosh etdi.
Bosh prokuratura xabariga ko‘ra, 09.02.1997 yilda Uchtepa (sobiq A.Ikromov) tumani, Chilonzor 12-daha, 6a-uyda yashovchi S.P.ning jasadi qotillik alomatlari bilan hamda uning onasi 1926-yilda tug‘ilgan A.P.ning sanchuvchi-kesuvchi jism yordamida yetkazilgan tan jarohatlari bilan topilgan.
Tergovda aniqlanishicha, ikki fuqaro o‘zganing mulkini bosqinchilik yo‘li bilan talon-toroj qilish maqsadida jabrlanuvchilarga pichoq bilan tan jarohatlari yetkazgan va xonadonda mavjud bo‘lgan qimmatbaho buyumlarni qo‘lga kiritishgan.
Xabarda qayd etilishicha, qo‘lga olingan shaxslarning sodir etgan jinoyatlari ularning iqrorlik ko‘rsatuvlari, jinoyat sodir etilgan joyda aniqlangan barmoq izlari, tanib olish uchun ko‘rsatish, ko‘rsatmalarni hodisa sodir bo‘lgan joyda tekshirish va yuzlashtirish tergov harakatlari hamda boshqa dalillar majmui bilan to‘liq o‘z isbotini topgan.
Jinoyatchilarga nisbatan JKning 97-moddasi 2-qismi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari Bosh prokuraturaning O‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi tomonidan olib borilmoqda.