TOShKENT, 28-may – Sputnik. Toshkentdagi Hyatt Regency Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan “OAV sohasida milliy qonunchilikni yanada takomillashtirishning dolzarb masalalari” mavzusida respublika konferensiyasi o‘tkazilmoqda.
Agentlik direktori o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva o‘z chiqishida axborot xizmatlari faoliyati samaradorligini oshirish va rivojlantirishga oid yangi huquqiy hujjatlarni qabul qilish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmas vazifalarni ma’lum qildi.
“Nima uchun matbuot amalda to‘rtinchi hokimiyat darajasiga ko‘tarila olmayapti, degan savolga, ko‘p omillar qatori vazirlik va idora rahbarlarining matbuot kotibi yoki axborot xizmatlariga nisbatan e’tiborsiz munosabatini asosiy sabab qilib ko‘rsatish mumkin”, – dedi Saida Mirziyoyeva.
Mirziyoyevaning ma’lum qilishicha, davlat organlarining axborot siyosati sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida O‘zbekistonda yagona davlat axborot siyosati to‘g‘risida Konsepsiyasini qabul qilish zaruriyati tobora oshib bormoqda. “Davlat hokimiyati va boshqaruvi, xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda boshqa tashkilotlarning jamoatchilik bilan aloqalarini tubdan takomillashtirish hamda axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorini qabul qilish taklifi ilgari surilmoqda.
“Unda ilk bor axborot xizmatlarining asosiy vazifalari, vakolatlari, majburiyatlari, matbuot kotiblarining tashkilotdagi o‘rni va maqomi, moddiy-texnik va moliyaviy ta’minoti, shart-sharoitlari, malaka oshirish imkoniyatlari tubdan yaxshilanib, huquqiy kafolatlanmoqda”, - dedi Agentlik direktori o‘rinbosari.
Avvalroq Saida Mirziyoyeva davlat organlari matbuot xizmatlari faoliyatini tanqid ostiga olgani xabar qilingan edi.