TOShKENT, 23-may – Sputnik. Qozog‘istonda muddatdan oldingi saylovlarda yetti nomzodning ishtirok etishi, respublikada siyosiy raqobat mavjudligidan dalolat beradi, deb hisoblaydi mamlakatning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev.
Eslatib o‘tamiz, Qozog‘istonni qariyb 30-yil davomida boshqarib kelgan Nazarboyev 20-mart kuni prezidentlik vakolatlarini o‘zidan sokit qilgan edi. Mamlakat rahbarligi bunga qadar parlament senati (yuqori palata)ga raislik qilgan Kasim-Jomart Tokayevga o‘tdi.
Qozog‘istonda muddatdan oldingi saylovlar 9-iyun kuni bo‘lib o‘tadi. Prezidentlikka nomzod sifatida yetti kishi, shu jumladan Nur Otan partiyasidan ilgari surilgan Tokayev ham ro‘yxatdan o‘tgan.
"Saylovlarda yetti nomzod ishtirok etmoqda. Bu bizning mamlakatimizda siyosiy raqobat mavjudligidan nishonadir. Nomzodlar turli jamoatchilik guruhlari va uyushmalar manfaatlarini ilgari suradilar. Har bir nomzod mamlakat va jamiyatni rivojlantirishga doir o‘z dasturiga ega", - dedi Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nazarboyev.
U shuningdek, barcha nomzodlar uchun saylovoldi tashviqotlarida teng sharoitlar yaratilganini hamda Qozog‘istonda qo‘shhokimiyatchilikka yo‘l qo‘yilmasligini ta’kidlab o‘tdi.
"Men o‘z vatanim farovonligi uchun ishlashda davom etmoqdaman. Shuni qayd etmoqchimanki, Qozog‘istonda hech qanday qo‘shhokimiyatchilikka yo‘l qo‘yilmaydi. Biz hammamiz xalq saylaydigan prezidentga ishlaymiz", - deya xotima qligan Nazarboyev.