TOShKENT, 22-may – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev elektrotexnika sanoatini rivojlantirish, ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.
Yig‘ilishda eksport-import konyunkturasini o‘rganish asosida elektrotexnika sanoatini rivojlantirish, yangi mahsulotlarni o‘zlashtirish va raqobatbardoshligini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
“O‘zeltexsanoat” uyushmasiga 2022-yilgacha ishlab chiqarish hajmini ikki baravarga oshirish hisobiga importni optimallashtirish va eksportni 500 million dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi”, - deyiladi xabarda.
Prezident buning uchun xomashoni chuqur qayta ishlab, qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish zarurligini ta’kidladi.
Mahsulotlar eksportida transport xarajatlarini kamaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, yig‘ilishda import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ko‘lamini kengaytirish, ularning tannarxini kamaytirish masalasi muhokama qilindi.
Ma’lum qilinishicha, ishlab chiqarishda qo‘llanilayotgan ko‘pgina ehtiyot qismlar import qilinayotgani, bu tannarxning qimmatlashiga olib kelayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Muzlatgich va isitish uskunalari, kompyuter texnologiyalari, mobil aloqa vositalari, quyosh panellari va boshqa yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqarishni keng yo‘lga qo‘yish orqali yurtimiz korxonalarining ichki bozordagi o‘rnini yanada mustahkamlash zarurligi ta’kidlandi.
Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, “O‘zeltexsanoat” uyushmasiga yangi mahsulotlarni o‘zlashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
O‘zbekistonda mahsulotlariga ichki va tashqi bozorda barqaror talabni shakllantirish, davlat xaridlari va sanoat kooperatsiyasidan keng foydalanish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Ayniqsa, qurilish, energetika, axborot va kommunikatsiya texnologiyalari, avtomobilsozlik kabi tarmoqlarda ichki kooperatsiyani kengaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Jahonga mashhur “brend”lar bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, mahsulotlarni xalqaro standartlar asosida sertifikatlash tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Yig‘ilishda berilgan topshiriqlar yuzasidan zarur chora-tadbirlar belgilab olindi.