TOShKENT, 22-may — Sputnik. Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev ilgari Anhor bo‘yida joylashgan va buzilgan 78-uy egalari bilan uchrashdi. Hozirgi kunda uchrashuv ishtirokchilari yangi manzilda – Qozirobod ko‘chasida yana o‘sha Anhor bo‘yidagi 7 ta xonadonlarning egalari bo‘lishdi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar qildi.
Ta’kidlanishicha, uchrashuvga yangi uylardagi kommunikatsiya xizmatlarining qisman ulanmaganligi sabab bo‘lgan. Ayni paytda ushbu uylarda gaz va elektr ta’minoti yo‘lga qo‘yilgan. Suv ta’minoti esa hokimiyat mas’ullari so‘zlariga ko‘ra, markaziy kanalga ulangan bo‘lib, tez orada to‘liq yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, uchrashuvda sobiq 78-uy boshka aholisining Qori Niyoziy ko‘chasidagi uylarga ko‘chishi masalasi ko‘tarildi. Biroq, bugungi kunda yangi uylarda qurilish ishlari davom etayotgani sabab, u yerga ko‘chib o‘tishning imkoni yo‘q.
Ochiq suhbat uslubida o‘tgan uchrashuvda fuqarolar o‘z muammolarini aytishdi. Xususan, yangi uyga ko‘chish jarayonining kechikayotganligi va shu tufayli hozirda yashayotgan uylarining ijara xaqi oshayotgani tug‘risida hamda yakuniy ta’mirlash ishlari bilan bog‘liq noqulayliklar xaqida o‘z muammolarini ma’lum qilishdi.
Uchrashuv davomida shahar hokimi ushbu kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan, yangi uylar topshirilishining kechikishiga sababchi bo‘lgan va boshqa kommunikatsion va ta’mir ishlari bo‘yicha sustkashlikka yo‘l qo‘ygan tegishli mutasaddilarni tanqid qildi.
Ushbu mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ishlar nazorati Shayxontohur tuman hokimi A. To‘xtayev, uning o‘rinbosari, shahar hokimining arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish bo‘yicha birinchi o‘rinbosari D. Hidoyatov zimmasiga yuklatildi hamda voqealar rivoji xaqida hokimni xabardor qilib turish vazifasi topshirildi.
Xabarda barcha kamchiliklarni bartaraf etish uchun 25-may shanba kunigacha muddat belgilanib, ijara xaqi to‘lovi muamosi ham ijobiy hal qilingani qayd etilgan
Shuningdek, ko‘chish va mebellarni tashish uchun transport bilan ham ta’minlash xaqida ko‘rsatma berildi.