TOShKENT, 20-may – Sputnik. Dushanbe shahrida amaliy tashrif bilan bo‘lgan O‘zbekiston Tashqi ishlari vaziri Abdulaziz Kamilov Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon tomonidan qabul qilindi.
TIV xabariga ko‘ra, bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida Tojikiston poytaxtida o‘tkazilgan “Terrorizm va uni moliyalashtirish asoslari, xususan narkotiklarning noqonuniy aylanishi va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashda xalqaro va mintaqaviy hamkorlik” mavzusidagi yuqori darajali xalqaro konferensiyada ko‘rilgan muammolarning dolzarbligi qayd etilgan.
Uchrashuvda ikki tomonlama darajadagi va xalqaro shakllardagi O‘zbekiston – Tojikiston munosabatlarining amaliy masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, Markaziy Osiyoda ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.
Xabarda Tojikiston prezidenti O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlari o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash borasidagi tashabbuslarini yuqori baholagani qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, Abdulaziz Kamilov Dushanbe shahrida Tojikiston hukumati, BMT va Yevropa Ittifoqi tomonidan tashkillashtirilgan xalqaro konferensiyada ishtirok etib, nutq so‘zladi.