TOShKENT, 16-may – Sputnik. Qirg‘iziston sobiq prezidentlari daxlsizlik huquqidan mahrum qilindi. Bu haqda Sputnik Qirg‘iziston xabar qildi.
Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov “QR prezidenti faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish va tuzatishlar kiritish haqidagi hujjatni imzoladi. Ushbu qonun bilan endilikda Qirg‘izistonda sobiq prezidentlar jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin.
Mazkur qonun Joqorg‘u Kenesh tomonidan joriy yilning 4-aprel kuni qabul qilingandi.
Qonun tashabbuskorlari Joqorg‘u Kenesh deputatlari Kurmankul Zulushev va Isxak Masaliyev.
Qonun bilan sobiq davlat rahbari prezidentlik vakolati yakunlanganidan so‘ng yoki lavozimidan chetlashtirilganda ayrim holatlarda jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin
Shuningdek, yangi qonunga muvofiq, sobiq prezidentlarga siyosiy lavozimlarni egallash ta’qiqlanadi.