TOShKENT, 15-may - Sputnik, Dilshoda Rahmatova. O‘zbekistonda piyoz narxi keskin ko‘tarildi. Bir kilo kartoshka narxi 2000 so‘m bo‘lgan bir paytda, yangi yetishtirilgan piyoz narxining 3,5 ming so‘mligi ayrim ekspertlarni ajablantirmayotgan bo‘lsa-da, oddiy aholida uchun bu sabzavotning salkam 3 barobar qimmatlashi ko‘plab savollarni yuzaga keltirdi.
Aytgancha, shuni ta’kidlab o‘tish joizki, piyoz mavzusi bugungi kunda nafaqat O‘zbekistonda, balki Ukraina va Yevropa davlatlarida ham qizg‘in muhokama qilinmoqda.
Xususan, internet nashrlarida piyoz borasida o‘zbek tadbirkorlariga bu yil omad kulib boqqani, O‘zbekistonda bu sabzavotning bir tonnasini 300 dollarga xarid qilib, har bir tonnadan 700-800 dollar, yoxud Ukrainaga eksport qilingan har bir fura piyozdan 15 ming dollargacha daromad olish mumkinligi yozilgan.
Sputnik O‘zbekiston muxbiri piyoz narxi nega birdan qimmatladi va qachon sabzavot narxi tushadi degan savollar bilan Qishloq xo‘jaligi vazirligiga murojaat qildi.
Vazirlikning sabzavotlar, kartoshka va polizchilik boshqarmasi bosh mutaxassisi Shavkat Bobomurodov, piyoz narxining ko‘tarilishini asosan eski hosilning tugab borayotgani va yangi piyozning endi yetishtirilib, bozorlarga yetkazib berilayotganida, deya izohlaydi.
Mutaxassisning aytishicha, piyoz O‘zbekistonda asosan Surxondaryoda yetishtiriladi, shuningdek, Qashqadaryo va Andijon viloyatlarida ham oz miqdorda yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan. Bugungi kunda piyoz asosan to‘qsonbosdi usulida yetishtirilib kelinadi. 2019-yilda 24500 gektar maydonda 1 million 420 ming tonna piyoz yetishtirish rejalashtirilgan. Sabzavot narxi esa iyun-iyul oylariga borib tushishi kutilmoqda.
Piyozning eksportga chiqariladigan hajmi haqida to‘xtalar ekan, Bobomurodov bunda aholi yillik talabidan kelib chiqqan holda, iste’mol, zaxira hisob-kitobi olinishini qayd etdi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston yil boshidan buyon shu kunga qadar 186 ming tonna piyoz eksport qilgan.
"Aslida piyoz narxining 3,5 ming bo‘lishi hozirgi mavsum uchun tabiiy hol. Fermerlarga piyoz yetishtirish har bir kilosi uchun 700-800 so‘mga tushmoqda. Shu bois, hozirgi narx iste’molchilarni taajjubga solmasligi kerak", - deydi u.
Ekspertning aytishicha, kartoshka takroriy maydonlarda, hududlar iqlimidan kelib chiqqan holda plonka ostiga ekilishi mumkin bo‘lgan bir paytda, piyozni bu usulda ekib bo‘lmaydi. Shu bois, eski hosil tugashi arafasida va yangisi endi chiqayotgan mahalda sabzavotlar narxida bir oz qimmatlash yuz berishi mumkin.