TOShKENT, 14-may – Sputnik. Yer sayyorasida bir yarim-ikki yil ichidagi eng yirik magnit bo‘roni boshlandi. Bu haqda RIA Novostiga Fizika instituti Quyoshning rentgen astronomiya laboratoriyasi bosh ilmiy xodimi Sergey Bogachov ma’lum qildi.
Olimning ma’lum qilishicha, bu Quyoshning faolligi bilan bog‘liq. “Hodisa tufayli qutbiy yog‘du, radio aloqa ishida uzilishlar bo‘lishi kuzatiladi”, - deya qo‘shimcha qildi u.
Shuningdek, mutaxassis bundan ham jiddiyroq magnit bo‘ronlari bo‘lishlarini qayd etdi.
“Bu uchinchi darajadagi bo‘ron, jami besh shkalali bo‘ron mavjud. Besh balli bo‘ronlar kamdan-kam uchraydi, o‘n-yigirma yilda bir marta ”, - deya agentlikka ma’lum qildi olim.
Quyosh faolligi seshanba, 14-may kuni Moskva vaqti bilan tonggi soat oltilar atrofida boshlangan va kechga qadar davom etadi. Yer sayyorasining magnit bo‘roni yarim tunda o‘z holiga qaytishi kutilmoqda.
Magnit bo‘ronlari har bir odamga har xil ta’sir ko‘rsatadi. Kimnidir migren bezovta qilsa, kimningdir qon bosimi ko‘tariladi, surunkali kasalliklar qaytadan bosh ko‘tarishi mumkin. Bo‘ronlar ta’sirida surunkali xastalikka chalinganlar, o‘ta sezuvchan asab tizimiga ega fuqarolar salomatligida ham salbiy o‘zgarishlar kuzatilishi mumkin. Shuning uchun bunday kishilarga o‘zlarini juda ehtiyot qilishlari tavsiya etiladi.
Magnit bo‘ronlari kompas magnit milining surilishini qo‘zg‘atuvchi Yer magnit maydonining keskin o‘zgarishidir. Magnit bo‘ronlari bir vaqtda Yer yuzining katta hududlarida, ba’zan butun Yer yuzida kuzatiladi. U, odatda, qutbiy yog‘du, momaqaldiroq, zilzila paytida sodir bo‘ladi va har 11-yilda kuzatiladigan Quyosh faolligining kuchayishi davrida tez-tez takrorlanib kuchli o‘tadi.