TOShKENT, 14-may – Sputnik. Adliya vazirligi qabristonlarni tashkil etish, saqlash va ulardan foydalanish sohasida huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rgandi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.
Adliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, hozirda O‘zbekiston hududida jami 10 457 ta qabristonlar faoliyat yuritmoqda.
O‘tkazilgan tahlillar natijasi qabristonlardan foydalanish, ularni saqlash va obodonlashtirish bo‘yicha quyidagi tizimli muammo va kamchiliklar mavjudligini ko‘rsatdi.
Xususan, qabristonlarning 2 248 tasi ekologik, sanitariya, shaharsozlik meyorlari va qoidalariga javob bermaydi.
"Masalan, aksariyat qabristonlar hududida quruq o‘t, barg, shox-shabbalar yoqish, qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish va o‘stirish, uy hayvonlarini boqish va boshqa shu kabi sanitariya qoidalariga zid holatlar mavjudligini ko‘rishimiz mumkin. Qabristonlar uchun ajratilgan yer uchastkasi maydoni amaldagi meyorlarga javob bermaydi, ularda hojatxonalar va chiqindilar uchun maxsus qutilar tashkil etilmagan", - deyilgan xabarda.
Respublika bo‘yicha jami 1 588 ta qabristonlarning kadastr hujjatlari mavjud emas. Natijada, qabristonlarning sanitariya muhofaza zonalarida noqonuniy ravishda turar va noturar joy obyektlari qurilgan.
Ko‘plab qabristonlar muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanmagan. Masalan, Samarqanddagi 1 307 ta hamda Qoraqalpog‘istondagi 233 ta qabristonlar elektr bilan ta’minlanmagan.
Shuningdek, jami 3 840 ta qabristonlarda yo‘l va trotuarlar asfalt-beton bilan qoplanmagan (tuproq yo‘llardan iborat) bo‘lib, mazkur holat yog‘ingarchilik paytida aholiga noqulayliklar tug‘dirmoqda.
Qonun hujjatlarida belgilab qo‘yilganligiga qaramasdan 2 655 ta qabristonlarda ma’muriy binolar mavjud emas. Buning natijasida, qabriston xodimlarining xizmat vazifalarini bajarishlariga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Qonunchilikda marosim xizmatlari bo‘yicha tariflar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan belgilanishi ko‘rsatilgan. Biroq, hududlarda marosim xizmatlarini belgilash bo‘yicha yagona amaliyot mavjud emas. Natijada, marosim xizmatlari bo‘yicha tariflarni belgilashda qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilgan.
Masalan, Jizzax, Samarqand viloyat hokimliklari tomonidan pulli xizmat ko‘rsatish bo‘yicha tariflar tasdiqlanmagan.
Jumladan, Samarqand viloyatida qonun hujjatlariga zid ravishda Samarqand tuman hokimining o‘rinbosari va Obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i tomonidan 2016-yil yanvar oyida dafn marosimlari o‘tkazganlik uchun kalkulyatsiya tasdiqlangan.
Bundan tashqari, Namangan viloyatida tuman (shahar) hokimliklari tomonidan mazkur tariflar turli yillarda va har xil miqdorlarda belgilangan.
Mazkur holatlar dafn marosimlarini ko‘rsatganlik uchun fuqarolardan asossiz ravishda ortiqcha pul mablag‘larini undirilishiga olib kelgan.
Jami qabristonlarning xayr-ehsonlarni yig‘ish, hisobga olish va ulardan maqsadli foydalanish tartiblariga rioya qilinmagan. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahri, Xo‘jayli, Sho‘manoy, Qorao‘zak tumanlari, Toshkent viloyati Chirchiq, Olmaliq shaharlari, Yangiyo‘l tumanida Obodonlashtirish boshqarmalari tomonidan xayr-ehsonlarning kelib tushishi va ulardan maqsadli foydalanilishi to‘g‘risida tegishli moliya organlariga hisobotlar taqdim etilmagan.
“Yuqorida qayd etilgan muammolar ehson qutilariga tegishli pul mablag‘lari kelib tushmasligi hamda kelib tushayotgan mablag‘larning hisobi yuritilmasligi kabi salbiy holatlarni keltirib chiqarmoqda.
Buning natijasida, qabristonlar hududini saqlash va obodonlashtirish uchun yetarli xayr-ehson mablag‘lari shakllanmay qolishiga olib kelmoqda.
Qabristonlarda xayr-ehsonlarni amalga oshirish bilan bog‘liq tashkiliy masalalarni hal etish bo‘yicha komissiyalar faoliyati talab darajasida emas. Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxtako‘pir, To‘rtko‘l tumanlari, Surxondaryo viloyati Termiz shahar, Termiz, Muzrabot, Sherobod tumanlari, Toshkent viloyati Chirchiq va Olmaliq shaharlarida komissiyalar tashkil etilmagan”, - deyilgan xabarda.