TOShKENT, 9-may - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9-may kuni poytaxtdagi Xotira maydoniga tashrif buyurdi va Motamsaro ona haykali poyiga gulchambar qo‘yib, tinchlik uchun, avlodlar kelajagi uchun jon fido qilgan o‘zbekistonliklar xotirasiga hurmat bajo keltirdi, deb xabar qildi prezident matbuot-xizmati.
Motamsaro ona siymosida urushing barcha dardu tashvishlari, mudhish oqibatlari mujassam. Chunki el-yurt himoyachilarini voyaga yetkazgan ham, urushning azob-uqubatlarini eng ko‘p tortgan ham mushtipar onalardir.
Shukurki, bugun mamlakatimiz tinch-osoyishta. O‘g‘il-qizlar sog‘-salomat, ota-onalarning ko‘nglida halovat. 9-may – Xotira va Qadrlash kuni bizni shu osuda hayotning qadriga yetishga, barcha xalqlar bilan do‘st va hamkor bo‘lib, yorug‘ kelajak bunyod etishga da’vat qiladi.
Ushbu sana munosabati bilan turli vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari vakillari ham Motamsaro ona haykali poyiga gullar qo‘ydi. Bu yerga kelgan yoshlar ota-bobolari, bugungi yorug‘ kunlar uchun fido bo‘lgan insonlarni yod etib, tinchlik qadri va ahamiyati haqida xulosalar chiqardi.
Xotira va Qadrlash kuniga bag‘ishlangan bayram tadbiri Toshkent botanika bog‘ida bo‘lib o‘tadi.