TOShKENT, 2-may - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyoda giyohvand moddalarni nazorat qilish sohasidagi mintaqaviy hamkorlik bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi ishtirokchi davlatlarining 11-majlisida qatnashish doirasida mamlakatda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovni qabul qildi.
O‘zbekiston rahbari Lavrovni samimiy qutlar ekan, O‘zbekiston-Rossiya strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari yuqori sur’at bilan rivojlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.
O‘z navbatida, Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Mirziyoyevga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, prezident Vladimir Putinning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Tomonlarning siyosiy irodasi va oliy darajadagi faol muloqot o‘zaro hamkorlikni kengaytirish, uni aniq mazmun bilan boyitishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
Uchrashuvda oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish hamda samarali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar, jumladan, BMT, ShHT, MDH va boshqa tuzilmalar doirasidagi hamkorlikning dolzarb jihatlari va Afg‘onistonda tinchlik jarayonini ilgari surish masalalari ham muhokama qilindi.
Sergey Lavrov Rossiya O‘zbekistonning Afg‘onistondagi vaziyatni tez fursatda barqarorlashtirishga ko‘maklashish, ushbu mamlakatni mintaqaviy savdo-iqtisodiy hamkorlikka jalb etish borasidagi faol sa’y-harakatlariga yuksak baho berishi va ularni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Uchrashuv yakunida ikki davlat xalqlarining farovonligi, mintaqada tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyot yo‘lida do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash hamda ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishga qat’iy intilishlari alohida ta’kidlandi.