TOShKENT, 29 apr – Sputnik. O‘tgan tunda Toshkent viloyati O‘rtachirchiq tumanida YTHga uchragan avtobus yo‘lovchilarining ahvoli stabil deb xabar qildi FVV matbuot xizmati Sputnik muxbiriga.
“Ayni damda O‘rtachirchiq tumanida shifoxonaga yotqizilgan yo‘lovchilardan ikki nafariga uyiga javob berildi. Qolganlarning ahvoli yaxshi. Respublika tez tibbiy yordam markazidagilarning ham ahvoli stabil. Hech kim og‘ir ahvolda emas”, - deb xabar qildi FVV matbuot kotibi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan tun soat 02:00 da, Toshkent viloyati O‘rtachirchiq tumani hududida maktab o‘quvchilarini olib ketayotgan avtobus YTHga uchrab yonib ketgan edi.
Yo‘lovchilar o‘z vaqtida tezkorlik bilan evakuatsiya qilingani tufayli qurbonlar bo‘lmagan. 7 nafar yo‘lovchi O‘rtachirchiq tuman shifoxonasiga, 5 nafar yo‘lovchi Respublikasi Tez tibbiy yordam ilmiy markaziga joylashtirilgan edi.
Avtobusda jami 53 nafar yo‘lovchi bo‘lgan. Ularning aksariyati Toshkent viloyati Parkent tumani 31-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 37 nafar o‘quvchilari bo‘lgan. Shuningdek, 3 nafar o‘qituvchi, 10 nafar ota-onalar hamda 3 nafari xaydovchi bo‘lishgan.
Dastlabki ma’lumotga ko‘ra, “Mersedes” rusumli avtobus baloni yorilib ketishi natijasida, boshqaruvini yo‘qotib, beton to‘siqqa borib urilgan va yonishni boshlagan.