TOShKENT, 26 apr – Sputnik. Shavkat Mirziyoyev 26-aprel kuni Pekin shahrida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Prezident matbuot xizmatining xabar qilishicha, Mirziyoyev Samarqanddagi Markaziy Osiyo bo‘yicha va Toshkentdagi Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiyalarni, Samarqand shahrida o‘tgan Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumi va boshqa tadbirlarni shaxsan qo‘llab-quvvatlagani uchun Antoniu Guterrishga minnatdorlik bildirgan.
Prezident Bosh kotibning BMTni isloh qilish, xalqaro xavfsizlik va barqarorlikni, izchil taraqqiyotni ta’minlash yo‘lidagi tashabbuslari va sa’y-harakatlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Ushbu islohotlar O‘zbekistonda Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan qat’iy islohotlarni faol davom ettirishga xizmat qilishiga umid bildirdi.
Ta’kidlanishicha, BMT Bosh kotibi O‘zbekiston tashabbuslari xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash, ma’naviyat, ta’lim, ekologiya, turizm kabi sohalarni rivojlantirishda muhim o‘rin tutayotganini qayd etgan.
Antoniu Guterrish Mirziyoyev rahbarligida Orolbo‘yida aholi turmushi sifati va darajasini oshirish, zamonaviy uy-joy, ijtimoiy infratuzilma va sanoat obyektlarini qurish, umuman, Orol foijasining salbiy oqibatlarini yumshatish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni yuksak baholadi. Besh oy mobaynida Orolning qurigan tubidagi 500 ming gektardan ortiq maydonda himoya o‘rmonzorlari ekildi, 1,1 million gektar maydonda qum tutish tizimi yaratildi.
Xabarda yozilishicha, uchrashuvda joriy yil oktabr oyida Nukusda bo‘lib o‘tadigan Orolbo‘yida ekologik innovatsiya va texnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha xalqaro konferensiya yakunida O‘zbekiston BMT Bosh Assambleyasiga ushbu hududni "Ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi" sifatida e’lon qilishga doir maxsus rezolyutsiya qabul qilish tashabbusi bilan chiqishi rejalashtirilgani ta’kidlangan.
Suhbat chog‘ida Afg‘onistondagi vaziyatni tez fursatda tinch yo‘l bilan hal etish mintaqada barqarorlikni ta’minlashning muhim omili ekani ta’kidlandi. O‘zbekiston Afg‘onistonni mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikka faol jalb etmoqda, ushbu mamlakat uchun savdo, infratuzilma va ijtimoiy loyihalarni ilgari surmoqda.
Eslatib o‘tamiz, bugun Pekin shahrida “Bir makon, bir yo‘l” ikkinchi xalqaro forumi rasman ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.