TOSHKENT, 23 apr — Sputnik. Bu yil Toshkentda “Avtomobilsiz kun” aktsiyasi oʻtkazilishi mumkin. Bu haqda shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Toshkent shahar hokimining oʻrinbosari Elbek Shukurov aktsiyani oʻtkazish masalalarini Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi diplomatik vakolatxonasi vakillari bilan muhokama qildi.
“Hamkorlik boʻlimi boshligʻi Fransua Bejo Yevropada oʻtgan asrning 70 yillaridan oʻtkazilishi boshlangan avtomobilsiz kun gʻoyasi hozirda 54 ta davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanayotganini taʼkidlab, bu borada Oʻzbekiston, xususan, Toshkent bilan birgalikda ish olib borish taklifini bildirdi”, - deyiladi xabarda.
Fransua Bejoning taʼkidlashicha, Yevropada har yili sentyabr oyining uchinchi haftasida avtomobilsiz kun tadbirlari oʻtkaziladi. Bundan maqsad atrof muhitga yoqilgʻi yoqilishidan hosil boʻladigan zaharli gaz chiqishi va tarqalishini kamaytirish, aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilishdir. Tadbir doirasida avtomobillar oʻrniga velosipedda yoki piyoda yurishni targʻib qiluvchi turli aktsiyalar oʻtkaziladi.
Xalqaro avtomobilsiz kun (World Carfree Day) har yili 22 sentyabrda dunyoning 50 dan ortiq mamlakatlarida, jumladan, Rossiya, Angliya, Frantsiyada oʻtkaziladi.
Rossiyaning Belgorod shahri 2005 yilda aktsiyaga birinchilardan boʻlib qoʻshilgan. Moskvada aktsiya 2008 yildan buyon oʻtkaziladi.