TOSHKENT, 23 apr — Sputnik. Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23 aprel kuni Qozogʻiston prezidenti Kasim-Jomart Tokayev bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.
Xabarda yozilishicha, Mirziyoyev Qozogʻiston rahbarini joriy yil 9 iyun kuni oʻtkazilishi rejalashtirilgan navbatdan tashqari Qozogʻiston prezidenti sayloviga nomzod etib ilgari surilgani bilan qutlagan hamda ushbu muhim siyosiy tadbirning oʻtkazilishida muvaffaqiyat tilagan.
Shuningdek, davlat rahbarlari Qozogʻiston prezidenti kasim-Jomart Tokayevning joriy yil 14-15 aprel kunlari Oʻzbekistonga amalga oshirgan ilk davlat tashrifi natijalarini yuksak baholadilar.
Erishilgan kelishuvlarni hamda sanoat, transport-kommunikatsiya va boshqa sohalarda aniq loyihalarni izchil amalga oshirish, shuningdek, taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat va turizm yoʻnalishlarida faol hamkorlikni davom ettirish muhim ekani alohida qayd etilgan.
Qozogʻiston prezidenti tabrik va samimiy tilaklar uchun Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirdi.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq Nursulton Nazarboyev Kasim-Jomart Tokayevni Nur Otan partiyasidan Qozogʻiston prezidentligiga nomzod sifatida ilgari surishni taklif qilgani haqida xabar qilgan edik.
Qozogʻistonda joriy yilning 9 iyun kuni navbatdan tashqari prezident saylovi boʻlib oʻtadi.