TOShKENT, 18 apr - Sputnik. Jizzax viloyatida o‘simlik yog‘i ishlab chiqariladi.
O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligining ma’lum qilishicha, “KISS GROUP” (Vengriya) kompaniyalari guruhi vakillari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tgan.
Uchrashuvda, xususan, Vengriya tomoni bilan Jizzax viloyatida o‘simlik yog‘i ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha qo‘shma loyihani amalga oshirish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishilgan (yiliga 100 ming tonna yog‘ ishlab chiqarish quvvatiga ega zavod qurilishi).
Ta’kidlanishicha, mahsulotlar ham ichki bozorga, ham eksportga yo‘naltirilishi rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, shu kuni manfaatdor vazirliklar va idoralarning taklif etilgan vakillari bilan ikkinchi uchrashuv bo‘lib o‘tgan. Uchrashuvda zavodni qurish uchun hududni tanlash, zavodni zarur homashyo bilan ta’minlash uchun Jizzax viloyatida kungaboqar va boshqa yog‘li urug‘larni yetishtirish imkoniyatlari, shuningdek, urug‘ yetishtirishni muvofiqlashtiruvchi tashkilotni tanlash yoki tashkil etish masalalari muhokama qilindi (masalan, integrator tashkilot).
Bundan tashqari, o‘simlik yog‘lari va mol yemi sifatida ishlatilishi mumkin bo‘lgan urug‘lardan olingan qo‘shimcha mahsulotlarini (ikkinchi darajali) sotish uchun qulay savdo nuqtalarning va hosil uchun omborxonalar mavjudligi yoki ularni yaratish masalalari muhokama etilgan.
Ma’lumot uchun: “KISS GROUP” kompaniyalari guruhi oziq-ovqat sanoati va ichimliklar ishlab chiqarish, farmatsevtika va kimyo sanoati uchun texnologiyalarni o‘rnatish bo‘yicha umumiy pudratchilik qilishga ixtisoslashgan. Yigirma yillik tajribani hisobga olgan holda ekologik va kimyo sanoati uchun o‘z kompleks texnologiyalarini ham ishlab chiqqan.