TOShKENT, 18 apr - Sputnik. O‘zbekistonning eng katta avtomobil yo‘li yopildi, deb xabar qildi O‘zA axborot agentligi.
"Ayni paytda Toshkent shahri va respublikamizning 8 viloyatini hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasini bog‘lovchi "Olmaota – Bishkek – Toshkent – Termiz" avtomobil yo‘li 865-kilometrining Toshkent viloyati Chinoz tumani hududida joylashgan Yallama ko‘prigida qurilish ishlari olib borilmoqda.
Shu sababli respublikamizning boshqa viloyatlaridan Toshkent shahriga kelayotgan avtomobillar tirbandligi yuzaga kelmoqda", - deyiladi xabarda.
Toshkent viloyati YHXB xabariga ko‘ra, "Olmaota – Bishkek–Toshkent – Termiz" avtomobil yo‘lining 871-kilometrida joylashgan ikkinchi darajali yo‘l orqali "Toshkent – Dushanbe" yo‘liga o‘tib Toshkent shahriga yetib olish mumkin.
Toshkent viloyati YHXB haydovchilardan vaqtinchalik noqulayliklar uchun uzr so‘ragan.