TOShKENT, 12 sen - Sputnik. O‘zbekistonda ilk pulli avtomobil trassasi Toshkent va Samarqand o‘rtasida qurilishi mumkin, deb xabar qildi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
8 sentabr kuni O‘zbekiston davlat investitsiya qo‘mitasida qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Laziz Qudratov boshchiligida "Cengiz – Kolin — Kalyon" kompaniyalar konsorsiumi bilan birinchi ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tgan.
Uchrashuvda davlat-sherikchilik asosida Toshkent - Samarqand marshruti bo‘yicha yo‘l qurilishi loyihasini hayotga tatbiq etish bo‘yicha masalalar muhokama qilingan.
Turk pudratchilari tomonidan qayd etilishicha, ushbu loyiha amalga oshirilsa Toshkentdan Samarqandgacha bo‘lgan masofani 2 soat ichida bosib o‘tish mumkin bo‘ladi.
Qurilish ishlarini 2019—2020 yillarda amalga oshirish rejalashtirilgan.
"Cengiz – Kolin — Kalyon" konsorsiumi 40-yildan ortiq tarixga ega Turkiyadagi eng yirik kompaniyalardan biridir. CKK sanoatning turli sohalarida strategik loyihalarni amalga oshiradi va Turkiya taraqqiyotida yetakchi o‘rinni egallaydi.