TOShKENT, 17 apr - Sputnik. Checheniston rahbari Ramzan Qodirov haqiqatni gapirgani uchun Amerika va G‘arb sanksiyalariga duch kelganini aytdi: nafaqat o‘zim, balki otlarim ham sanksiyaga tushdi degan u.
Checheniston rahbari AQSh, Yevroittifoq mamlakatlari va ba’zi boshqa davlatlar Ukrainadagi voqealar tufayli sanksiya kiritgan rossiyaliklar sirasiga kiradi. O‘tgan yili OAVlarda Yevropada boqiladigan Qodirovning otlari atrofida katta janjal avj olgan edi. Sanksiyaviy choralar doirasida, xususan, oldin Germaniya, so‘ngra esa Chexiya hukumati ot poygalarida g‘alaba qozongan Qodirov otlariga rag‘bat puli to‘lashdan bosh tortdi. So‘ngra otlarning yemiga ham mablag‘ ajratilmasligiga qaror qilingani aytildi.
Sal keyin yutuq pullarning bir qismini otlar yemishiga yo‘naltirishga ruxsat berildi.
"Men birorta jinoyat sodir etmay turib, barcha sanksiyalarga duch keldim. Men tomondan sodir etilgan yagona jinoyat - bu men hamisha haqiqatni boricha gapirishimdir. Va bu Amerikaga yoqmaydi. Shu bois Qo‘shma Shtatlar turlicha usullar bilan mening "og‘zimni yopishga" harakat qiladi: nafaqat menga, balki otlarimga ham sanksiya e’lon qilgan. Meni faqat o‘ldirish mumkin, haqiqatni gapirmaydigan qilishning esa iloji yo‘q", - degan Qodirov Perviy kanalda "Bolshaya igra" dasturi davomida.
Shu bilan birga u yevropa mamlakatlari terrorizmga aloqador shaxslarni oliy sud uchun bermayotganini ta’kidlab o‘tdi.
"Zakayev (Axmed, tan olinmagan "Ichkeriya"ning sobiq yetakchilaridan biri) - ko‘plab terroristik aktlarni moliyalashtirgan odam, bugungi kunda Londonda o‘ta qulay sharoitda kun kechirmoqda. Biz uning aybini har qanchayin isbotlamaylik, uni odil sudlov uchun chiqarib berishmayapti. Polsha, Germaniya, avstriyada bu kabi misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Bu shaxslarning barchasi odam o‘g‘irlab, odamlarni qiynoqqa solgan terrorchilar sifatida mashhur, ularning barchasi federal qidiruvda. Lekin G‘arb, hech qanday dalil bo‘lmasa-da, meni jinoyatchi deb atab, asossiz ayblab kelmoqda. Ular so‘z erkinligini xuddi mening ijtimoiy tarmoqlarim singari yopib qo‘ymoqchi", - dedi Qodirov.
U shuningdek, islom mamlakatlarida yuz berayotgan voqealar g‘arb maxsus xizmatlari ishi natijasi ekanligini ta’kidlab o‘tdi. Uning fikricha, agar AQSh va G‘arb Suriyadagi urushni tamomlash niyatida ekan, "turli siyosiy o‘yinlarni o‘ylab topish o‘rniga" bu haqda ochiq aytish lozim. Rossiya hamisha terrorizmga qarshi kurashda hamkorlikka tayyorligini bildirgan bir pallada, Amerika bu taklifni rad etib keladi, deb qo‘shimcha qildi Ramzan Qodirov.