TOShKENT, 16 apr – Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Koreya Respublikasi prezidenti Mun Chje In 2019-yil 18-21 aprel kunlari davlat tashrifi bilan O‘zbekistonda bo‘ladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Xabarda aytilishicha, davlat rahbarlari O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasida muntazamlik kasb etgan oliy darajadagi muloqotning davomi sifatida strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnik va gumanitar sohalardagi amaliy hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qiladilar, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashadilar.
Tashrif dasturida prezident Mun Chje Inning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisida nutq so‘zlashi, davlat rahbarlarining ikki mamlakat yetakchi kompaniyalari biznes-forumida hamda Toshkent shahrida Koreya madaniyati va san’ati uyining ochilish marosimida ishtirok etishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, Samarqand shahriga tashrif rejalashtirilgan.
Muzokaralar yakunida Qo‘shma deklaratsiya qabul qilinishi, salmoqli hukumatlararo va idoralararo hujjatlar to‘plami, shuningdek, savdo shartnomalari va investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha bitimlar imzolanishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-yil noyabrida Janubiy Koreyaga tashrif buyurgandi.
O‘zbekiston va Janubiy Koreya energetika, neftgazkimyo, bank-moliya sohasida hamda qurilish va infratuzilmani rivojlantirish sohasida yirik loyihalarni amalga oshirmoqda.