TOShKENT, 15 apr – Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev va prezident Qasim-Jomart Toqayev muzokaralarni kengaytirilgan tarkibda davom ettirdilar. Unda ikki mamlakat vazirliklari va yirik kompaniyalari rahbarlaridan iborat delegatsiyalar a’zolari ishtirok etdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.
Xabarda ta’kidlanishicha, O‘zbekiston va Qozog‘iston munosabatlari yaxshi qo‘shnichilik, mustahkam do‘stlik va qardoshlik rishtalariga asoslangan. Ikki tomonlama hamkorlik barcha yo‘nalishlarda faol rivojlanmoqda.
Tomonlar 2018-2019 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi Iqtisodiy hamkorlik strategiyasining izchil amalga oshirilishi mamlakatlar strategik maqsadlarining mushtarakligiga asoslangan o‘zaro manfaatli va samarali iqtisodiy sheriklikni kengaytirishga xizmat qilayotganini ta’kidlashgan.
Keyingi ikki yilda ushbu sohadagi aloqalar yangi bosqichga ko‘tarildi. Hududlar va ishbilarmonlar o‘rtasidagi rishtalar faollashdi. Natijada savdo-iqtisodiy hamkorlik izchil rivojlanmoqda. 2018-yil bu borada jadal yuksalish davri bo‘ldi. Tovar ayirboshlash hajmi qariyb 50 foizga o‘sib, 3 milliard dollardan oshdi.
“Tomonlar, avval kelishilganidek, yaqin yillarda bu ko‘rsatkichni 5 milliard dollarga yetkazishga intilishini tasdiqladi. O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaga savdo aloqalari nomenklaturasini kengaytirish, iqtisodiy hamkorlikning yangi uzoq muddatli shakllarini topish va rivojlantirish vazifasi qo‘yildi”, - deyiladi xabarda.
Shuningdek, tomonlar 2018-yil noyabr oyida Chimkent shahrida o‘tgan birinchi O‘zbekiston-Qozog‘iston hududlararo hamkorlik forumi hamda 2019-yil martda Toshkent shahrida o‘tgan Markaziy Osiyo mamlakatlarining birinchi mintaqaviy iqtisodiy forumi yakunlarini ijobiy baholadi.
Qayd etilishicha, davlat rahbarlari O‘zbekiston-Qozog‘iston davlat chegarasini demarkatsiya qilish, shuningdek, o‘tkazish punktlarining samarali faoliyatini ta’minlash jarayoni muvaffaqiyatli davom etayotgani, bu ikki mamlakat chegaradosh hududlari aholisining turmush sharoitlarini salmoqli darajada yaxshilash, transchegaraviy iqtisodiy aloqalar va gumanitar almashinuvlarni jonlashtirish, fuqarolarning o‘zaro tashriflarini faollashtirishga xizmat qilganini mamnuniyat bilan qayd etganlar.
Toqayev o‘zbek-qozoq munosabatlari haqida nima dedi?
Eslatib o‘tamiz, Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan 14-aprel kuni O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan keldi.